Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari 5-6 sentabr kunlari O‘zbekistonga keladi

 

3 sentabr 2024, Toshkent, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari janob Yanush Voytsexovskiy 2024 yilning 5-6 sentabr kunlari O‘zbekistonga keladi. Mazkur tashrif Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va umuman mintaqa bilan hamkorlikni mustahkamlash tarafdori ekanligini ta’kidlaydi.

Komissar Voytsexovskiy tashrifi mobaynida “Dengizga chiqish yo‘llari bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar: oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusidagi xalqaro forumni ochilish marosimida nutq so‘zlaydi. O‘z chiqishida u, ayniqsa, dengizga chiqish yo‘llari mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning qishloq xo‘jaligini boshqarishni barqaror usullari va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida doimo qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqining izchil sa’y-harakatlari haqida so‘zlab beradi.

Forumdagi ishtirokiga qo‘shimcha tarzda janob Voytsexovskiy hukumat vakillari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri janob Ibrohim Abdurahmonov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, savdo-sotiq istiqbollari va barqaror qishloq xo‘jaligini ilgari surish bo‘yicha tashabbuslar masalalarini muhokama qilish imkonini beradi. O‘zaro manfaatlarni aks ettiruvchi sohalarga alohida e’tibor qaratiladi, bu ham Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi va boshqa masalalar bo‘yicha munosabatlarni chuqurlashtirish imkonini beradi.

Mazkur tashrif Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan izchil hamkorligidagi muhim qadam ekanligidan darak beradi va iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi global muammolarni hal qilishda mushtarak tarafdorligini tasdiqlaydi.