Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 6 million yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi amalini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilganligi sababli, joriy va kelgusi yilda qo‘shimcha grantlar kutilmoqda.

 

26 aprel 2024 yil. 2024 yil 25 aprel kuni Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatiga mamlakat o‘z qishloq xo‘jaligi islohotlaridagi sezilarli taraqqiyot hamda barqaror makroiqtisodiy prognozni saqlab qolishda ilg‘or natijalar ko‘rsatgani tufayli 6 million yevro (taxminan 82 milliard so‘m) ajratdi.

6 million yevro miqdoridagi grant, Milliy Oziq-ovqat Xavfsizligi va Sog‘lom oziqlanish strategiyasi hamda Dasturiy ta’minotni byudjetlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlashda yordam berdi. Grant bilan birgalikda, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan texnik yordam O‘zbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligiga islohotlarini rejalashtirishida ko‘mak ko‘rsatdi.

Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Milliy Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi amalini qo‘llab-quvvatlashga jami 20 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilganligi sababli, joriy va kelgusi yilda qo‘shimcha grantlar kutilmoqda.

Asosiy maqsad – O‘zbekiston aholisi uchun ko‘proq ish o‘rinlari va daromadlarni ta’minlaydigan,  xavfsiz va sifatli ovqatlanish imkoniyatini oshiradigan bozorga yo‘naltirilgan va  barqaror qishloq-xo‘jaligi sektoriga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashdir.

"Qishloq xo‘jaligi sektori O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda muhim bolib, u fuqarolarni ish bilan ta’minlaydigan asosiy manba hisoblanadi.  Qolaversa, oilaviy dehqon xo‘jaliklarida  O‘zbekiston fuqarolari tomonidan iste’mol qilinadigan go‘sht va sabzavotlarning asosiy qismi yetishtiriladi. Shu bois, biz ushbu dehqon xo‘jaliklarining rivojlanishi, o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashishi, atrof-muhitni muhofaza qilishi, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishi hamda mahalliy va global qiymat zanjirining bir qismiga aylanishiga imkon beradigan islohotlarga e’tibor qaratmoqdamiz. Grant mablagʻlari Yevropa Ittifoqining GSP+ kabi boshqa tashabbuslari bilan bir qatorda, Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini oshirishga yordam beradi”, - deya ta’kidlaydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun uzoq muddatli indikativ dasturining (2021-2027 yillar) uchta strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Boshqa ustuvor yo‘nalishlar o‘z ichiga samarali boshqaruv va inklyuzivlik, shuningdek ekologik va raqamli o‘sishni oladi. Dastur doirasida 2021 yildan buyon O‘zbekistonga deyarli 76 million yevro (taxminan 1 trillion so‘m) ajratildi.

Oʻzbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori uchun grant ajratish sohasida Yevropa Ittifoqi yetakchilik qilmoqda. 20 million yevro miqdoridagi grantlarni taqsimlashdan tashqari, Yevropa Ittifoqi 2020-2023 yillar oralig‘ida sektoriga 32,5 million yevro ajratgan.