European Union External Action

Qo‘shma kommyunike "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" vazirlar anjumanining 16-yig‘ilishi

Brussels, 17/11/2020 - 13:42, UNIQUE ID: 201117_7
Joint Statements

2020 yil 17-noyabrda Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili / Yevropa komissiyasi raisining o‘rinbosari va Yevropa Ittifoqi xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari "Evropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo " Vazirlar anjumanining 16-yig‘ilishini o‘tkazdilar. Istisno tariqasida, uchrashuv Covid-19 pandemiyasi tufayli o‘rnatilgan cheklovlar tufayli video-anjuman aloqasi orqali o‘tkazildi.

 

Ishtirokchilar ikki mintaqaning o‘zaro manfaatlaridan kelib chiqqan holda mustahkam, ambisiyali va kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha umumiy majburiyatlarini tasdiqladilar. Ishtirokchilar, shuningdek, tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlarini umumbashariy hurmat qilish va rioya etilishi, demokratiya va xalqaro taraqqiyotga to‘liq rioya etishda birgalikda ishlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar.

 

Ishtirokchilar Covid-19 pandemiyasining o‘z mintaqalariga ta'sirini muhokama qildilar va tizimlarning barqarorligi, farovonligi va koronavirusdan ekologik, barqaror va inklyuziv tiklanishni targ‘ib qilishda birgalikda ishlashga qaror qilishganini ta'kidladilar. Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari sog‘liqni saqlash tizimining dolzarb ehtiyojlari va uzoq vaqt davomida dolzarb bo‘lib qoladigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun mintaqaga ajratilgan 134 million yevrolik «Team Europe» birdamlik yordam paketi uchun chuqur minnatdorlik bildirdilar.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari 2019 yilda tasdiqlangan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida mavjud sharoitlar va mintaqaning kelajakdagi rivojlanishi sharoitida belgilangan ustuvorliklarning alohida dolzarbligini ta'kidladilar. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun islohotlar jarayonida sherik sifatida o‘z rolini kuchaytirish, ularning global savdo tizimiga integratsiyalashuvi va o‘zaro yaqin hamkorlik qilish harakatlarini qo‘llab-quvvatlash niyatini tasdiqladi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni, jumladan chegaralarni boshqarish, savdo-sotiqni osonlashtirish, odamlar o‘rtasidagi aloqalar va suvni boshqarish, shuningdek koronavirus pandemiyasi paytida namoyish etilgan mintaqalararo birdamlikni yuqori baholadi. Bularning barchasi Yevropa Ittifoqi tomonidan ham moliyaviy, ham texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari butun dunyo bo‘ylab sheriklar bilan Yevropa Ittifoqi hamkorligining asosiy elementi bo‘lgan qonun ustuvorligi, demokratik boshqaruv, gender tengligi va inson huquqlariga umumiy hurmat va rioya etilishini ta'minlash sohalarida yanada muvaffaqiyatli ishlash muhimligini tasdiqladilar. Bu yildan buyon BMTning 1325-sonli “Ayollar. Dunyo. Xavfsizlik ” qarori qabul qilinganiga 20 yil va Pekin Harakatlar Platformasining 25 yilligi munosabati bilan ishtirokchilar qarorlar qabul qilish jarayonida ayollar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining to‘liq, teng va mazmunli ishtirokini ta'minlash muhimligini ta'kidladilar. Ular mintaqadagi yoshlar uchun imkoniyatlar yaratish, shu jumladan hamma uchun, ayniqsa, qizlar uchun sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini yaxshilash va ularga munosib ish bilan ta'minlash uchun hamkorlikni kengaytirishga chaqirdilar.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari sog'liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi o'zaro hamkorlikni mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy omillari sifatida qabul qildilar.

 

Yevropa Ittifoqi erishilgan yutuqlarni hisobga olib yarim yo'lda to'htamaslikka va uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan mintaqaning yashil iqtisodiyotga, shu jumladan barqaror energiyaga o'tishda iqlim o'zgarishiga qarshi kurash bo'yicha Parij bitimining majburiyatlarini bajarishni davom ettirishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarini 2020 yil oxiriga qadar o'zlarining milliy miqyosda aniqlangan yangi hissalarini taqdim etishga taklif qildi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlarining Energetika Xartiyasi shartnomasini modernizatsiya qilish bo'yicha olib borilayotgan muzokaralarda faol ishtirokini olqishladi.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari iqtisodiyotning diversifikatsiyasi va transformatsiyasini jadallashtirish, unumdorlik va raqobatbardoshlikni oshirish hamda Markaziy Osiyo davlatlarining global iqtisodiyotda to'liq ishtirok etishiga imkon yaratishda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarning muhim rolini ta'kidladilar. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida, shu jumladan qulay shart-sharoitlar yaratish orqali hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta'kidladilar.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashish sohasida, shuningdek transmilliy uyushgan jinoyatchilikka, odam savdosi, transmilliy giyohvand moddalar savdosiga va kiberxavfsizlik tahdidlariga qarshi birgalikda kurashni kengaytirish sohasida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligi doirasida erishilgan yutuqlarni yuqori baholadilar.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Tojikiston Respublikasi hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqi, BMT, EXHT va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda o'tkazilgan "Terrorizmga qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik va uni moliyalashtirish manbalari, shu jumladan giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilik" anjumani natijalarini mamnuniyat bilan kutib oldilar.

 

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Turkmanistonning 2020 yil 12 dekabrda Ashxabodda Turkmanistonning doimiy betarafligi maqomining xalqaro tan olinishining 25 yilligiga bag'ishlangan "Neytrallik siyosati va uning xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlashdagi ahamiyati" xalqaro ajumanini o'tkazish tashabbusini olqishladilar. shuningdek, BMT Bosh assambleyasi Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e'lon qilgan 2021 yilda yuqori darajadagi xalqaro forumni tashkil etish tashabbusini qo'llab quvvatladilar. Ishtirokchilar Turkmaniston hukumati tashabbusi bilan BMT platformasida tashkil etilgan Tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyot uchun betaraflik do'stlari guruhini mamnuniyat bilan qabul qildilar.

 

Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqining Yevropa-Osiyo o'zaro aloqada bo'lish strategiyasiga asoslanib, Yevropa va Osiyo o'rtasidagi infratuzilma, transport va raqamli texnologiyalar sohalarida barqaror aloqani rivojlantirish, shuningdek, mintaqaga xususiy sarmoyalarni jalb qilish uchun Yevropa Ittifoqining yangi moliyaviy vositalari tomonidan taqdim etilishi mumkin bo'lgan imkoniyatlardan foydalanish bo'yicha hamkorlikni faollashtirish zarurligini ta'kidladilar. Ular O'zbekistonning 2021 yilda Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo o'rtasida bog'liqlik va rivojlanish bo'yicha yuqori darajadagi anjumanni o'tkazish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildilar.

 

Ishtirokchilar Afg'onistonda keng ko'lamli yarashish jarayonida muvaffaqiyatga erishish uchun to'liq va zudlik bilan o't ochishni to'xtatish zarurligi va terrorizmdan xoli tinch va farovon Afg'oniston butun mintaqaning rivojlanishi uchun juda zarur ekanligi to'g'risida kelishib oldilar. Shu nuqtai nazardan, ishtirokchilar inklyuziv tinchlik jarayonini ilgari surish, barcha afg'onlarning huquqlarini umumbashariy hurmat qilish va ularga rioya qilish va Afg'onistonda barqaror taraqqiyot yo'lidagi hamkorlikni kuchaytirishga qo'shilishlarini tasdiqladilar. Shu munosabat bilan ishtirokchilar Dushanbeda, Tojikiston Respublikasida bo'lib o'tadigan "Osiyo yuragi - Istanbul jarayoni" 9-vazirlar anjumanining ahamiyatini ta'kidladilar.

 

Vazirlarning videoanjumani 2021-2027 yillardagi byudjet tsikli uchun Yevropa Ittifoqiga yordam dasturlari bo'yicha samarali va konstruktiv fikr almashishni davom ettirishga imkoniyat yaratdi.

 

Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlarning asosi sifatida Kengaytirilgan Sheriklik va Hamkorlik Shartnomalari (KSHS) muhimligini ta'kidladilar.

 

Ishtirokchilar 2020 yil 27 oktyabrda bo'lib o'tgan "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" fuqarolik jamiyati forumida berilgan tavsiyalarni yuqori baholadilar va 2021 yilda Bishkekda birinchi marta bo'lib o'tadigan "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" iqtisodiy forumini tashkil etishga qat'iy qaror qildilar. Ular ushbu tadbirlarni ikki mintaqadagi fuqarolik jamiyati va biznesining Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo sherikligini rivojlantirishga hissa qo'shishi uchun muhim imkoniyatlar sifatida qabul qilishdi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo vakillari O'zbekistonning "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" turizm bo'yicha anjumanini o'tkazish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildilar.

Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqiga virtual uchrashuvni tashkillashtirgani uchun chuqur minnatdorlik bildirib, 2021 yilda Dushanbeda uchrashishga kelishib oldilar.

Batafsil ma'lumot:

EU – Central Asia relations factsheet

EU - Kazakhstan relations factsheet

EU - Kyrgyz Republic relations factsheet

EU - Tajikistan relations factsheet

EU - Turkmenistan relations factsheet

EU - Uzbekistan relations factsheet

Audiovisual stockshots of EU-financed projects in Central Asia

Audiovisual stockshots of Kazakhstan

Audiovisual stockshots of the Kyrgyz Republic

Audiovisual stockshots of Tajikistan

Audiovisual stockshots of Turkmenistan

Audiovisual stockshots of Uzbekistan