Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Toyvo Klaar Janobi Oliylarining Yevropa Kuni munosabati bilan nutqi
Hurmatli Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, elchilar, xonimlar va janoblar,
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistonning aziz do‘stlari!
Xayrli kech va bugun biz bilan Yevropa kunini – ya’ni Yevropa Ittifoqiga asos solgan tarixiy nutqni xotirlash kunini biz bilan birga nishonlayotganingiz uchun sizlarga minnatdorchilik bildiraman.
I also want to recognise the new EU Special Representative for Central Asia, Ambassador Eduards Stiprais, who is a man that many of you will know and who joins us here today.
Shuningdek, men bugun davramizga qo‘shilgan va ko‘pchiligingizga tanish bo‘lgan inson – Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi maxsus vakili, elchi Eduards Stipraysni e’tirof etmoqchiman.
Yevropa kuni – bu xilma-xillikdagi birlik, turli xalqlarning mojarolar o‘rniga hamkorlikn tanlovi, odamlarning Yevropalik oʻzligini qabul qilishi, oʻnlab yillar davomidagi tinchlik, demokratiya, iqtisodiy farovonlik, innovatsiya va texnologik taraqqiyotni nishonlashdir.
75 yil avval Robert Shuman tomonidan Ko‘mir va Po‘lat Hamjamiyatini tashkil etish taklifi bilan aytilgan nutqi birlik g‘oyasining jasoratli ifodasi edi. Bugun bu bizga o‘z vaqtida bildirilgan to‘g‘ri qarash yuz millionlab insonlarning hayotiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga umid baxsh etadi.
Xonimlar va janoblar, Dunyodagi kuchayib borayotgan qarama-qarshilik va mojarolar sharoitida Yevropa Ittifoqi ifodalagan tamoyillar – demokratiya, qonun ustuvorligi, inklyuzivlik va inson qadr-qimmatiga hurmat – har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uch yildan ko‘proq vaqt avval Rossiyaning tajovuzkorlik urushi Yevropaga yana o‘lim va vayronagarchilikni olib keldi. Bugun urush to‘xtovsiz davom etmoqda. Mojaroni tugatish uchun diplomatik harakatlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi va bizning hamkorlarimiz Ukraina taqdiriga doir hech qanday qaror ukrainaliklar ishtirokisiz qabul qilinmasligi lozimligini qat’iy ta’kidlab kelmoqda. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining ishtirokisiz adolatli va uzoq muddatli tinchlikka erishish mumkin emas.
Bu orada, Yaqin Sharqda biz ulkan gumanitar falokat avj olayotganini ko‘rmoqdamiz, G‘azo aholisi davom etayotgan zo‘ravonliklar tufayli ochlik va o‘limga duch kelmoqda. Yevropa Ittifoqi Falastin xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etmoqda hamda tinchlik yo‘lidagi harakatlari bilan birga, u Isroil-Falastin mojarosini ikki mustaqil davlat asosida hal qilish borasidagi uzoq muddatli majburiyatini eslatib o‘tmoqda.
Mojaro hududlaridan tashqarida esa iqtisodiy proteksionizmning kuchayishi va global savdo ziddiyatlari, shu jumladan bojlar joriy etilishi, xalqaro savdo tizimini murakkablashtirdi hamda global ta’minot zanjirlarini bosim ostida qoldirdi. Bunday choralar barcha uchun – iste’molchilar, tadbirkorlar va davlatlar uchun – salbiy oqibatlarga olib kelishini bilamiz.
Bu geosiyosiy, gumanitar va iqtisodiy muammolar xalqaro hamkorlik zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.
Shu nuqtai nazardan, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi sheriklarimiz tomonidan tanlangan hamkorlik yo‘lini va O‘zbekistonning bu sa’y-harakatlarda yetakchilik qilayotganligini olqishlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda ta’kidlaganidek: “Markaziy Osiyoning ochiqligi va barcha sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligi – mintaqaning xavfsizligi va farovonligini ta’minlashning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.”
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari allaqachon an’anaga aylangan. Bir oy oldin biz Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlari rahbarlarining transchegaraviy hamkorlik va rivojlanishga sodiqliklarini tasdiqlash uchun o‘tkazilgan tarixiy uch tomonlama uchrashuvi guvohi bo‘ldik. Yevropa Ittifoqi o‘zining noyob tarixiy tajribasiga tayangan holda ushbu mintaqaviy hamkorlik va integratsiya harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari farovonligimiz qo‘shnilarimiz va hamkorlarimiz farovonligi bilan o'zaro bog‘liqligini anglab yetganlar. Yevropa Ittifoqi esa tinchlik, barqarorlik va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibga sodiq qolgan holda bugungi noaniqliklarni birgalikda yengib o‘tish uchun do‘stlarimiz bilan hamkorlik qilishga qat’iy bel bog‘lagan.
Hurmatli mehmonlar, O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz mustahkam. O‘tgan yili biz diplomatik aloqalarning 30 yilligini nishonladik va ishonchim komil, kelgusi 30 yil ichida bu aloqalar yanada mustahkamlanadi.
So‘nggi 12 oy ichida Yevropa Ittifoqi hukumat, biznes va fuqarolik jamiyati vakillari bo‘lgan o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan deyarli 900 ta tadbir, konferensiya va uchrashuvlarda ishtirok etdi.
2025 yilning dastlabki besh oyida biz bir nechta yuqori darajadagi tashriflar, shu jumladan, GSP+ monitoring missiyasi, Yevropa Ittifoqi - O‘zbekiston Parlament hamkorlik qo‘mitasining 18-yig‘ilishi va, albatta, Komissar Sikelaning hamda Oliy vakil Kallasning tashriflari orqali aloqalarimizning nihoyatda faollashganiga guvoh bo‘ldik.
Ammo hamkorligimizning haqiqiy yutuqlardan biri bir oy avval Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Sammiti bo‘ldi. Ushbu Sammit davomida Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish va shu maqsadda qo‘shimcha mablag‘lar jalb qilish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Prezident Ursula fon der Lyayen ushbu tarixiy tadbir davomida aytganidek: “Birgalikda biz ikki mintaqaga foyda keltiruvchi yaqinroq munosabatlarni rivojlantirishimiz, ularni yangi aloqalar, do‘stliklar va savdo tarmoqlari orqali mustahkamlashimiz mumkin.”
Bu majburiyatlar umumiy qarashlarimiz va strategik muvofiqligimizni aks ettiradi: biz global bozorlar bilan yaxshiroq bog‘langan, yashil o‘sishga tayyor va bilim hamda innovatsiyalar orqali kuchliroq bo‘lgan O‘zbekiston haqidagi qarashni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Xonimlar va janoblar,
Yevropa Ittifoqi farovonlik yo‘lida ishonchli hamkor bo‘lib qolmoqda – biz ochiq iqtisodiyotlar va qoidalarga asoslangan savdoni qo‘llab-quvvatlaymiz, bu esa barqaror rivojlanishga hissa qo‘shadi, va biz o‘zaro iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashni istaymiz. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida asosiy texnik yordam ko‘rsatuvchi hisoblanadi.
Ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy aloqalarimiz barqaror o‘sib bormoqda. 2024 yilda Yevropa Ittifoqining 27 davlati O‘zbekistonning uchinchi yirik savdo hamkori bo‘ldi. Biz O‘zbekistonning savdo va aloqalarning faollashuvidan nafaqat tranzit davlat sifatida, balki to‘liq integratsiyalashgan hamkor sifatida to‘laqonli foyda ko‘rishini ta’minlaymiz.
Global Darvoza tashabbusi orqali Yevropa Ittifoqi muhim infratuzilmalarga, jumladan Transkaspiy transport yo‘lagi, barqaror muhim xomashyo qiymat zanjirlari, Milliy fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasi hamda sug‘orish tizimlariga sarmoya kiritmoqda. Yevropa Ittifoqini hamkor sifatida ajratib turuvchi jihat shuki, biz loyihalarimiz orqali mahalliy kapital va barqaror ta’minot zanjirlariga sarmoya kiritib haqiqiy qiymat yaratamiz. Butun O‘zbekiston bo‘ylab aholi yaxshiroq xizmatlar, toza ichimlik suvi, barqaror elektr ta’minoti va xavfsizroq chegaralar orqali bevosita ta’sirini his qilmoqda.
Bundan tashqari, biz strategik loyihalar uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan, Yevropa Ittifoqi tomonidan kafolatlangan qulay kreditlarni taklif etuvchi Yevropadagi moliyaviy institutlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston va Yevropa Investitsiya Banki oʻrtasida Mezbon mamlakat toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi muhim ahamiyatga ega.
Biz shuningdek, oʻzaro aloqadorlik farovonlik olib kelishiga ishonamiz - va bu nafaqat avtomobil va temir yo'llarni oʻz ichiga oladi. Aloqalar tovarlar almashinuvi uchun, shuningdek, inson kapitali va yosh avlodga foyda keltiradigan ma’lumotlar almashinuvi uchun ham juda muhimdir. Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga yer yuzasini kuzatish va sun’iy yo‘ldosh orqali internet aloqasini joriy etishda yordam berishga tayyorligini ta’kidlamoqchiman, bu mamlakatga mustaqil va raqobatbardosh narxlarda yuqori tezlikdagi internetni, hatto olis hududlarda ham taqdim etish imkonini beradi. Bu aks holda noqulay ahvolga tushib qoladigan hududlar uchun ta’lim va biznes imkoniyatlarini yaxshilash salohiyatiga ega.
Yevropa Ittifoqi tamoyillarga asoslangan va ishonchli hamkordir. Doimiy oʻzgarishlar davrida Yevropa Ittifoqi barqarorlik manbai boʻlib xizmat qiladi. Barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv uchun GSP+ maxsus imtiyozlar tartibi, bojxona to‘lovlarining 66 foizi bo‘yicha chegirmalarni nazarda tutgan holda, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston foyda koʻradigan uzoq muddatli kelishuvlarning yorqin namunasi hisoblanadi.
GSP+ tizimi tufayli O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi ortib bormoqda va biz birgalikda Oʻzbekistonning inson, mehnat va atrof-muhit huquqlari bilan bogʻliq BMTning 27ta konvensiyasini amalga oshirish boʻyicha majburiyatlari yuzasidan hamkorlik qilmoqdamiz.
Ushbu konvensiyalarning to‘liq bajarilishi biz uchun muvaffaqiyatli jamiyat barpo etishning asosiy tayanchlari hisoblanadi. Shu sababli ular GSP+ dasturi uchun qo‘yilgan shartdir. Qonun ustuvorligiga va inson huquqlariga hurmat, faol fuqarolik jamiyatini va mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash Yevropa Ittifoqining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘libgina qolmay, balki Yevropa biznesi uchun jozibali va sog‘lom investitsiya muhitini shakllantirishning poydevoridir.
Yevropa Ittifoqi xavfsizlik yo‘lida sherikdir – biz butun dunyo bo‘ylab xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilamiz. Yevropa Ittifoqi xavfsizlik masalalariga butun jamiyatni qamrab olgan yondashuvi bilan tanilgan, bu inklyuziv va tinch jamiyatlarni yaratish maqsadida turli ishtirokchilarni birlashtirish va turli mavzularni muhokama qilishni anglatadi.
Shu sababli biz zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurashishga qaratilgan ko‘plab dasturlarni moliyalashtiramiz va himoyasiz aholi qatlamlari bilan ishlaymiz. Shuningdek, biz Erasmus+ dasturi orqali ta’lim va o‘qitishni qo‘llab-quvvatlaymiz, talabalar, akademiklar va aql markazlari bilan hamkorlikda ishlaymiz.
Biz shuningdek, innovatsiya va rivojlanish orqali suv resurslarini oqilona boshqarishni hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi mojarolarga sabab bo‘lishi mumkinligini tushunamiz. Yaqinda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va mahalliy fermerlar tomonidan yuqori baholangan loyihalarning sezilarli natijalarini ko‘rishdi.
Hurmatli Vazirlar, Elchilar, aziz mehmonlar, Keyingi qadam nima? Biz Prezident Mirziyoyevning Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun Bryusselga tashrif buyurishini kutmoqdamiz. Ushbu tarixiy tashrif ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochadi, chunki biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘p qirrali yo‘nalishlarda chuqurlashtiramiz, diversifikatsiya qilamiz va zamonaviylashtiramiz.
Biz shuningdek, noyabr oyida navbatdagi Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo Iqtisodiy va Investorlar forumlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz, u yerda yangi biznes imkoniyatlari o‘rganiladi. Biz ushbu mavzu bo‘yicha muhim almashinuvlarimizni davom ettirish uchun navbatdagi Inson huquqlari bo‘yicha muloqotni ham kutmoqdamiz. Va nihoyat, biz, albatta, o‘tgan oylarda erishilgan yutuqlarga asoslangan holda faoliyatni davom ettiramiz.
Bizning hamkorligimiz har qachongidan ham chuqurroq bo‘lib, koʻplab soha va ishtirokchilarni qamrab oladi. Biz bir-birimizdan o‘rganamiz va birgalikda rivojlanamiz.
Yevropa kuni muborak bo‘lsin!
Katta rahmat.