Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi xususiy sektor uchun Transkaspiy Transport Yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasining strategik davra suhbatini o‘tkazdi.
Biznis yetakchilari, xalqaro banklar va hukumat vakillari O‘zbekistonning Yevropa hamda mintaqaviy bozorlarga chiqishini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiluvchi transport aloqalari bo‘yicha davlat va xususiy sektor hamkorligini qanday rivojlantirish masalasini muhokama qildilar. Muzokaralar davomida multimodal logistika markazlari va omborxona infratuzilmalari kabi asosiy loyihalarga investitsiya kiritish imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.
Transkaspiy Transport Yo‘lagi savdo yo‘llarini yanada samarali qiladi, an’anaviy tranzit yo‘llariga bog‘liqlikni kamaytiradi va Markaziy Osiyo biznisi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlarning eshigini ochadi.
Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direktoratining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo'yicha direktori janob Peteris Ustubs quyidagilarni ta’kidladi:
“O‘zbekiston Transkaspiy Transport Yo‘lagida markaziy o‘rinni egallaydi va hukumat transport infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha ulkan rejalarni ko‘zlamoqda. Kelgusidagi investitsiyalarni muvofiqlashtirish muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun xususiy sektor ishtiroki zarur. Shu sababli bugun bu sohaga oid kompaniyalar bilan muloqotni boshlash uchun shu yerda yig‘ildik.”
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika masalalarini o‘rganish markazi rahbari janob Bekzod Xolmatov quyidagilarni ta’kidladi:
“Transkaspiy yo‘nalishi savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Bugungi seminar Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston bu yo‘nalishda yaqindan hamkorlik qilishni istayotganining dalilidir. Biz ushbu tashabbus faqat hukumat darajasida emas, balki xususiy sektor ko‘magida ham amalga oshishini ta’minlashni xohlaymiz.”