Yevropa Ittifoqi va YUNISEF O‘zbekistonning chegara hududlarida bolalarni himoya qilish tizimini kuchaytirishga ko‘maklashmoqda
2025 yilning 16–18 iyun kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi” (BOMKA 10) YuNISEF bilan hamkorlikda O‘zbekistonning chegara hududlarida bolalarni himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan seminar tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (IHMA), Ichki ishlar vazirligi, Mahalla uyushmasi va xalqaro mutaxassislar vakillarini bir joyga jamlagan ushbu seminar “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun doirasida chegara hududlardagi himoyaga muhtoj jamoalarda bolalarni muhofaza qilish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan xizmatlarni tashkil etishning amaliy mexanizmlarini muhokama qilish va o‘rganish uchun samarali platforma vazifasini o‘tadi.
"Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish – bu hammamizning umumiy burchimizdir. Bolalarga do‘stona munosabatga asoslangan yordam ko‘rsatish mexanizmlarini mustahkamlash, yagona amaliyot standartlarini joriy etish hamda chet eldan qaytgan va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning jamiyatga qayta moslashuvini qo‘llab-quvvatlash orqali biz har bir bolaning xavfsiz va sog‘lom muhitda voyaga yetishi uchun sharoit yaratishimiz mumkin",
– dedi Dilnoza Xusanova, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar uchun ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Chegara hududlarda yashovchi bolalar xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining cheklanganligi, aholi o‘rtasida yuqori migratsiya darajasi va idoralararo muvofiqlashtirilgan javob choralarining yetarli emasligi sababli zo‘ravonlik, qarovsizlik va ijtimoiy chetlanish xavfiga ko‘proq duch kelmoqda. 2024 yilda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi oldinga qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi, biroq mazkur qonunni samarali amalga oshirish hamon milliy va hududiy darajada maqsadli va tizimli qo‘llab-quvvatlashni talab etmoqda. Institutsional salohiyatni mustahkamlash va tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish har bir bola uchun xavfsiz va ishonchli muhitni ta'minlashning hal qiluvchi omillaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Interaktiv sessiyalar va mutaxassislar rahbarligidagi muhokamalar jarayonida ishtirokchilar xalqaro tajribalar bilan tanishdilar, real holatlarni tahlil qildilar hamda mahalliy darajada idoralararo hamkorlik va bolalarni yo‘naltirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan amaliy tavsiyalarni ishlab chiqdilar. Seminar 2023 yilning iyun oyida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari natijalariga asoslanib, Yevropa Ittifoqining BOMKA 10 dasturi va YuNISEF ko‘magida bolalar uchun yanada xavfsizroq muhit yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.