Yevropa Ittifoqi Qora dengiz mamlakatlari, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlamoqda
Ushbu uchrashuv Yevropa Ittifoqining Qora dengiz mintaqasiga oid strategik yondashuvi va Yevropa Ittifoqi –Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakil / Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas, Kengayish bo‘yicha komissar Marta Kos hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela muhokamalarda ishtirok etdilar.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilar o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro bardoshlilikni kuchaytirish va yanada bog‘langan, xavfsiz hamda farovon mintaqalarni targ‘ib etish borasida o‘z majburiyatlarini tasdiqladilar. Shuningdek, umumiy xavfsizlik manfaatlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish yo‘llari ham muhokama qilindi.
Qora dengiz mintaqasida xavfsizlik, barqarorlik va bardoshlilikni kuchaytirish
Qora dengiz mintaqasi — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi muhim ko‘prik bo‘lib, xalqaro savdo, don, energetika va muhim xomashyolar tranzitida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu bois u mintaqaviy va global xavfsizlik uchun muhim ahamiyatga ega.
Birinchi vazirlar sessiyasida Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar va Qora dengiz mamlakatlari mintaqalararo xavfsizlik, xususan dengiz xavfsizligining muhimligini tasdiqladilar. Yevropa Ittifoqi unga a’zo davlatlar va hamkorlarga dengiz salohiyatini mustahkamlash, shu jumladan monitoring, muhim infratuzilmani himoya qilish va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish sohalarida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Hududda qirg‘oq xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, minalardan tozalash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va “soya flotlari” bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish bo‘yicha tashabbuslar ham muhokama qilindi. Bu jarayonlar O‘rta yer dengizi va Boltiq dengizi tajribasiga asoslanadi hamda Ukraina xavfsizligiga va Qora dengiz mintaqasining bardoshliligiga hissa qo‘shadi.
Mintaqalararo Ulanish Kun Tartibini ishga tushirish
Ikkinchi vazirlar sessiyasida Yevropa Ittifoqi, unga a’zo davlatlar, Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari Mintaqalararo O‘zaro bo‘gliqlik Kun Tartibini muhokama qildilar. Tashabbus iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, uzoq muddatli umumiy farovonlik, hamkorlik va tinchlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Asosiy e’tibor quyidagi to‘rtta ustuvor yo‘nalishdagi barqaror va bardoshli aloqalarga qaratildi:
- Transport: mintaqalararo Trans-Kaspiy transport yo‘lagi (TCTC)ni kuchaytirish va transport aloqalarini kengaytirish.
- Raqamli texnologiyalar: yuqori tezlikdagi internetni rivojlantirish orqali innovatsiyalar, raqamli savdo va muhim infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlash.
- Energetika: energiya tarmoqlarini yaxshilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish orqali energiya xavfsizligi va diversifikatsiyasini oshirish.
- Savdo: bojxona jarayonlarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish orqali chegaralardagi savdoni soddalashtirish hamda bozor integratsiyasini chuqurlashtirish.
O‘zaro bo‘gliqlik Kun Tartibi mavjud tashabbuslarga asoslanib, mintaqada bardoshlilik va iqtisodiy o‘sishning asosiy omiliga aylanadi.
Muhokamalarda barcha ishtirokchilar o‘rtasida muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Yevropa Komissiyasi amaldagi tajribalarga asoslanib, hamkor mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, xususiy investorlar va manfaatdor uchinchi tomonlarni birlashtiruvchi muvofiqlashtirish mexanizmi taklifini tayyorlaydi. Ushbu mexanizm 2025 yil 27 noyabr kuni Toshkentda (O‘zbekiston) bo‘lib o‘tadigan TCTC Investorlar va O‘zaro bo‘gliqlik forumida taqdim etiladi. Shu bilan birga, to‘rtta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha mavjud tahlillar va investitsiyalar xaritasi ishlab chiqilib, ustuvor loyihalar va “yumshoq” ulanilish choralarini muhokama qilishda yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi.
Kaya Kallas, Oliy vakil/vitse-prezident:
“Qora dengiz mintaqasi Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega. Rossiyaning Ukrainadagi urushi mintaqa bo‘ylab xavfli oqibatlarga olib kelmoqda. Moskvaning harbiy faoliyati, soya flotlari, suzib yuruvchi minalar va kema navigatsiya tizimlarini to‘sish kabi holatlar – bu umumiy xavfsizlik muammolari bo‘lib, ularga jamoaviy javob talab etiladi. Qora dengizdan tashqari, urush Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi quruqlikdagi savdoga ham ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz o‘zaro aloqalarni diversifikatsiya qilamiz va savdo, energiya hamda raqamli imkoniyatlarni kengaytiramiz.”
Marta Kos, Kengayish bo‘yicha komissar:
“Rossiyaning tajovuzkor urushidan oldin Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aksar quruqlik savdosi Rossiya orqali o‘tardi. Bugun bu yo‘l yopilgan. Bizga muqobil yo‘llar zarur. Shu sababli Yevropadan to Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan barcha mamlakatlar Lyuksemburgda yig‘ildi. Bu birinchi marta yuz bermoqda. Barchamiz bitta yetkazib beruvchiga bog‘liqlik bizni zaiflashtirishini bilamiz. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga ko‘proq harakat erkinligi, savdo imkoniyatlari, energiya manbalari va raqamli ma’lumot almashuvi yo‘llarini yaratamiz. Ko‘proq imkoniyat – bu ko‘proq mustaqillik degani.”
Yozef Sikela, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar:
“Markaziy Osiyo – yosh avlodga ega, Yevropa bilan Global Darvoza doirasida faol ishlash salohiyatiga ega dinamik mintaqa. Biz birgalikda ushbu salohiyatni real imkoniyatlarga aylantira olamiz. Transport, energetika va raqamli tarmoqlardagi ishonchli o‘zaro bog‘liqlik bunga asos bo‘ladi. Mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali biz savdoni rivojlantiramiz, ish o‘rinlari yaratamiz va har ikki tomonda barqaror farovonlikni ta’minlaymiz.”
CONTACT DETAILS
Anitta HIPPER
Spokesperson
Phone +32 2 29 85691
Mail anitta.hipper@ec.europa.eu
Guillaume MERCIER
Spokesperson
Phone +32 2 29 80564
Mail guillaume.mercier@ec.europa.eu
Pedro FONSECA MONIZ
Press Officer
Phone +32 2 58 41146
Mail pedro.fonseca-moniz@ec.europa.eu
Yuliya MATSYK
Press Officer
Phone +32 2 29 13173
Mail yuliya.matsyk@ec.europa.eu
Jennifer SANCHEZ DA SILVA
Press Officer
Phone +32 2 29 58316
Mail jennifer.sanchez-da-silva@ec.europa.eu