Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fuqarolik jamiyati tashabbuslarini boshladi

2025-yil 28 aprel – Bugun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi “Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash” tashabbusi doirasida beshta yangi fuqarolik jamiyati loyihalarini Toshkentda o‘tkazilgan tadbir mobaynida ishga tushirdi. Jami qariyb 2,9 million yevro qiymatiga teng bo‘lgan ushbu tashabbuslar Yevropa Ittifoqi va uning hamkor tashkilotlari tomonidan birgalikda moliyalashtirilmoqda hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Loyihalar fuqarolik jamiyatining siyosat yuzasidan muloqotda ishtirok etishi, gender tengligi, yuridik huquq va imkoniyatlarni kengaytirish, media savodxonligi va raqamli huquqlar sohalaridagi hissasini mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirda hukumat vakillari, xalqaro  hamkorlar va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etib, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidagi umumiy majburiyatlarini yana bir bor tasdiqladilar.

“Yaqinda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitida shakllangan ijobiy ruhni davom ettirgan holda, bugungi loyihalarning ishga tushirilishi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyati rivojlanishi tarafdori ekanligini yana bir bor namoyon etmoqda. Ushbu loyihalar fuqarolik faollari uchun odil sudlov, gender tengligi, media va raqamli huquqlar sohalarida mazmunli ishtirok etish imkonini yaratish bo‘yicha umumiy intilishimizni aks ettiradi. Bu – adolatliroq, ochiqroq va barqarorroq hamjamiyatlar qurilishiga hissa qo‘shadigan ovozlarni qo‘llab-quvvatlash haqida. Faol fuqarolik jamiyati demokratiyaviy, inklyuziv va farovon kelajak barpo etishning asosiy omili – va Yevropa Ittifoqi ushbu yo‘lda ishonchli hamkor ekanligidan faxrlanadi”,

– deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Janob Toyvo Klaar.

Toivo Klaar, EU Ambassador

“Bugun O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun alohida ahamiyatga ega lahzadir. “O‘zbekiston—2030” strategiyasi islohotlarini amalga oshirish jarayonida fuqarolik jamiyatini mustahkamlash – adolatli va inklyuziv jamiyat barpo etishning muhim omilidir. Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ushbu loyihalar Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyati vakillarini kuchaytirish hamda huquqlarga asoslangan rivojlanishni ilgari surish yo‘lida muhim qadamlardir. Ushbu muhim ishga hissa qo‘shayotgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, 

dedi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov.

 

Fuqarolik faolligini kuchaytirish va inklyuziv rivojlanishni rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilgan beshta tashabbus milliy qamrov bilan bir qatorda maqsadli hududiy faoliyatlarni ham o‘z ichiga oladi. Faoliyatlar Toshkent, Qoraqalpog‘iston, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va boshqa hududlarda – yuridik huquq va imkoniyatlarni kengaytirish, gender tengligi, yoshlar va media savodxonligi hamda raqamli huquqlar bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshiriladi. Har bir loyiha Yevropa va O‘zbekiston hamkor tashkilotlarini birlashtirib, mahalliy darajada o‘zlashtirilishni kuchaytiradi va sohalar orasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradi. Loyihalar fuqarolik jamiyati faollarining salohiyatini oshiradi, himoyaga muhtoj guruhlarga ko‘maklashadi va fuqarolik jamiyati bilan davlat muassasalari o‘rtasida barcha darajada hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi. 

 

Quyidagi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ishga tushirildi:

  • EQUALITY: O‘zbekistonda ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishni rag‘batlantirishda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish. ACTED tomonidan “Oq Yelkan” Ijtimoiy himoya va ta’lim markazi, Qashqadaryo viloyatining “Yuksalish” axborot va maslahat-resurs markazi hamda NIHOL O‘zbekiston NNT Markazi  bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 

  • SHIELD – Inson huquqlarini tadbiq qilish, ta’lim va huquqiy rivojlantirishni kuchaytirish. Xalqaro yuristlar komissiyasi (ICJ) tomonidan Strategiyani Rivojlantirish Markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

  • Inson huquqlari amalda: Yoshlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda o‘zgarishlar uchun harakat – Deutscher Volkshochschul-Verband e.V. (DVV) tomonidan “Barqaror hayot” Xalqaro ijtimoiy-ma’rifat markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 

  • O‘zbekistonda raqamli huquqlar va media tashabbusi (UDRMI) – Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tomonidan Qozog‘istondagi Huquqiy siyosat tadqiqot markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

  • O‘zbekistonda inklyuziv hamjamiyat taraqqiyoti uchun fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash – Konrad Adenauer Fondi (Konrad-Adenauer-Stiftung – KAS) tomonidan “Yuksalish” harakati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Loyiha haqida qo‘shimcha ma’lumotni ushbu havola orqali olishingiz mumkin: https://surli.cc/auqjmv

 

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun: 

Malika Musayeva

Matbuot kotibi 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi

 

Yevropa Ittifoqi haqida

Yevropa Ittifoqi – 27 ta Yevropa mamlakatlarining iqtisodiy va siyosiy ittifoqi. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini, shu jumladan ozchilik guruhlariga tegishli bo‘lgan insonlarning huquqlarini himoya qilish kabi qadriyatlarga asoslangan. U butun dunyo bo‘ylab barcha insonlar foyda ko‘rishi uchun jamiyatlar, atrof-muhit va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida faoliyat yuritadi.

 

Yevropa Ittifoqining 

O‘zbekiston Respublikasidagi Delegatsiyasi

Xalqaro Biznes Markazi,

Amir Temur ko‘chasi, 107-B

100 084 Toshkent, O‘zbekiston

Telefon: +998 78 120 16 01/02/03/04

Faks: +998 78 120 16 08

Elektron pochta: delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu 

Veb-sayt: http://www.eeas.europa.eu/delegations/uzbekistan