Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda gender sezgir byudjetlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi

Toshkent, O‘zbekiston – 2025 yil 26 may – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Genderga yo‘naltirilgan siyosat va byudjetlarni ilgari surish: O‘zbekistonda shaffof, inklyuziv va hisobdor boshqaruv sari” loyihasi rasman ishga tushirildi. Mazkur yangi loyihani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tuzilmasi – BMT Ayollar amalga oshiradi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlikda olib boriladi va mamlakatning gender tengligini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlariga javob bo‘lib xizmat qiladi. Yangi loyiha gender tengligini byudjet qarorlarini qabul qilish va milliy rivojlanish strategiyalarining ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqish uchun institutsional mexanizmlarni yaratish orqali bu harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

“O‘z rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarimizga gender tahlilini kiritish orqali biz yanada samarali boshqaruvni yaratamiz – u turli ijtimoiy guruhlarning ehtiyojlariga javob beradi va hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Gender sezgir byudjetlashtirish bizga yanada shaffof, inklyuziv va natijaga yo‘naltirilgan davlat moliyasini ta’minlashda yordam beradi. Bu esa milliy taraqqiyot maqsadlarimizga erishish uchun nihoyatda muhim. Shu nuqtai nazardan, loyiha ayniqsa ayollar va qizlarning hayotini yaxshilashda adolatliroq byudjetlashtirish uchun amaliy va o‘zgarishga olib keluvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi,” – deydi Shohruh Ishankulov,
Davlat byudjeti siyosati departamenti direktorining o'rinbosari,
O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi.

“Gender sezgir byudjetlashtirish O‘zbekiston qizlari va ayollarini yanada kuchli qiladi. Shu bois, Yevropa Ittifoqi BMT Ayollar bilan hamkorlikda O‘zbekiston moliya tizimi organlarini gender sezgir byudjetlashtirish amaliyotini muntazam milliy siyosat va byudjetlashtirish jarayonlariga joriy etishda qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi. Bu yondashuv resurslarni gender tengsizliklarini bartaraf etishga yo‘naltirishga yordam beradi, ayollar va qizlar ham davlat xizmatlari, iqtisodiy imkoniyatlar va qaror qabul qilish jarayonlariga teng kirish huquqiga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi,” – deydi Toyvo Klaar Janobi Oliylariб Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi .

“O‘zbekiston gender tengligi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish yo‘lida muhim qadam tashladi. Ushbu loyiha davlat resurslari gender tafovutlarini bartaraf etish va ko‘pincha chetda qoladigan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilganligini ta’minlash orqali hisobdorlikni kuchaytiradi,” – deydi Eliza Fernandez Saens, BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor o‘rinbosari.

“O‘zbekiston hukumati, Yevropa Ittifoqi va BMT Ayollar o‘rtasidagi ushbu hamkorlik gender sezgir byudjetlashtirishni amalga oshirish orqali davlat moliyasini boshqarish yondashuvini tubdan o‘zgartirish qudratiga ega. Bu butun mamlakat bo‘ylab ayollar va erkaklar uchun yanada samarali natijalarga olib keladi,” – deydi Sabine Mahl, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori. 

Loyiha haqida ma’lumot:

Loyiha 2025 yil 26 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi tadbir davomida rasman ishga tushirildi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, BMT Ayollar’ning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi, BMT Ayollar’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston gender tengligini ta’minlash yo‘lida muhim yutuqlarga erishdi. Bunga 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender tengligi strategiyasining qabul qilinishi, parlamentda Yoshlar, ayollar, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘mitaning tashkil etilishi hamda ayollar huquqlariga oid qonunchilikda amalga oshirilgan islohotlar misol bo‘la oladi. Gender sezgir byudjetlashtirish loyihasi ushbu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda gender tengligini byudjet qarorlarini qabul qilish va milliy taraqqiyot strategiyalarining ajralmas qismi sifatida mustahkamlovchi institutsional mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.

Ushbu tashabbus Iqtisodiyot va moliya vazirligining salohiyatini kuchaytirish va Qishloq xo‘jaligi vazirligini sinov vazirligi sifatida jalb qilish orqali ayollar hayotini yaxshilashga va eng zaif guruhlar manfaatlarini inobatga olgan holda gender nuqtai nazarini milliy hamda mahalliy darajadagi siyosat, rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarining barcha bosqichlariga tizimli va barqaror tarzda integratsiya qilishga qaratilgan.

Mazkur jarayon 2024-yil oktyabr oyida BMT Ayollar tomonidan ajratilgan boshlang‘ich mablag‘ yordamida start oldi. Ushbu dastlabki bosqichda turli vazirliklarning 30 nafar davlat xizmatchisining gender sezgir byudjetlashtirish bo‘yicha tushunchasini oshirish va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha salohiyati kuchaytirildi.

Keyingi ikki yil davomida loyiha O‘zbekistonning Davlat moliyaviy boshqaruvi (PFM) [1]islohotlari hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan 5-maqsad va 5.c.1-vazifasi bilan muvofiq holda gender sezgir byudjetlashtirishni amalga oshirish bo‘yicha milliy va mahalliy darajadagi imkoniyatlarni mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Shu orqali loyiha mamlakatdagi gender tenglikni ta’minlovchi mexanizmlarni mustahkamlash, inklyuziv va shaffof boshqaruvni ilgari surish orqali ayollarning yer va mulk egasi bo‘lishdagi cheklovlari, yuqori darajadagi qashshoqlik va iqtisodiyotning yuqori qiymatli sohalarida ularning kam ishtirok etish kabi chuqur ildiz otgan tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston o‘z oldiga qashshoqlikni yarmiga kamaytirish va yalpi ichki mahsulotni ikki baravarga oshirish kabi katta maqsadlarni qo‘ygan bir paytda, gender sezgir byudjetlashtirish loyihasi ayollar va qizlar uchun milliy hamda mahalliy byudjetlarni eng samarali yo‘naltirishda kuchli vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, u samarali monitoring mexanizmlarini ham taklif etadi.

BMT Ayollar

So‘nggi yigirma yil davomida BMT Ayollar butun dunyo bo‘ylab 80 dan ortiq davlatni gender sezgir byudjetlarni ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. BMT Ayollar gender sezgir byudjetlashtirish borasida ilg‘or tashabbuskor bo‘lib, global normalarni ilgari surmoqda, strategik hamkorliklarni yo‘lga qo‘ymoqda, milliy hukumatlarning salohiyatini kuchaytirmoqda hamda gender sezgir byudjetlashtirishning Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishish, yordam samaradorligi, davlat sektori islohotlari va rivojlanish uchun moliyalashtirishdagi hal qiluvchi o‘rni bo‘yicha daliliy asosni mustahkamlab kelmoqda.

Qo‘shimcha ma’lumot:

Gender sezgir byudjetlashtirish (GSB) — bu gender tengligi maqsadlarini hukumat siyosati, rejalashtirish, byudjetlashtirish, monitoring, baholash va audit jarayonlariga tizimli ravishda integratsiya qilishga qaratilgan strategik siyosiy yondashuvdir. U byudjetning (daromadlar va xarajatlar) ayollar va erkaklarga nisbatan taqsimot ta’sirini tahlil qiladi hamda har ikkala guruh ham davlat resurslaridan teng darajada foyda ko‘rishini ta’minlash uchun mablag‘larni moslashtiradi yoki qayta taqsimlaydi. Bu gender tengligini ilgari suruvchi hamda o’zgarish olib kiruvchi vositadir. Bu vosita byudjetlarni yanada samarali, inklyuziv qiladi va qizlar, ayollar, o‘g‘il bolalar hamda erkaklarning ehtiyojlarini hisobga olinishini ta’minlaydi.

100 dan ortiq davlat gender tengligini ta’minlash hamda tarix mobaynida ham yetarli darajada moliyalashtirilmagan ayollar va qizlar uchun zarur xizmatlarga sarmoya muammosini bartaraf etish maqsadida gender sezgir byudjetlashtirish bo‘yicha tashabbuslarni boshlagan. 105 ta davlatdan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 26 foizida gender tengligi uchun byudjet ajratmalarini kuzatish bo‘yicha to‘liq tizimlar mavjud.

GSB vositasini byudjet orqali moliyalashtiriladigan barcha siyosatlar, chora-tadbirlar va dasturlarga tatbiq etish orqali biz gender tengligiga erishishga hissa qo‘shamiz. Gender sezgir byudjetlar butun hukumat miqyosidagi yondashuvni, barqaror institutsional tizimlarni, siyosiy iroda va resurslarning teng taqsimlanishini qo‘llab-quvvatlovchi qonunlarni, aholining turli ehtiyojlarini to‘liq tushunishga xizmat qiluvchi ishonchli ma’lumotlarni, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni, shuningdek, kelgusidagi byudjet tuzatmalariga asos bo‘ladigan monitoring va baholash tizimlarini talab qiladi.

Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining 5-maqsadi gender tengligi va ayollar hamda qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Bu BRMlar ichida yagona ko‘rsatkichga ega bo‘lgan maqsaddir, u hukumatlarning gender tengligi uchun byudjet ajratmalarini kuzatish va jamoatchilikka oshkor qilish tizimiga ega bo‘lganlik darajasini o‘lchaydi.

 

Intervyu tashkillashtirish va qo‘shimcha ma’lumotlar uchun quyidagi shaxslarga murojaat qilishingiz mumkin: 

  • Gulnaz Anisio De Oliveira, Mintaqaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha tahlilchi, BMT Ayyollar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi, gulnaz.imamniyazova@unwomen.org

  • Malika Musaeva, Matbuot kotibi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Malika.MUSAEVA@eeas.europa.eu

  • Jahongir Shodiev, Bosh iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Jahongir.Shodiyev@imv.uz

[1] Davlat moliyaviy boshqaruvi (DMBB) — bu moliyaviy resurslarni rejalashtirish, yo‘naltirish va nazorat qilish orqali davlat xizmatlari maqsadlariga samarali va oqilona erishishni ta’minlaydigan va unga ta’sir ko‘rsatadigan tizimdir. (CIPFA, 2010: 5)