Yevropa Ittifoqi elchilari Farg‘ona va Shohimardonda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalarning benefitsiarlari bilan uchrashdilar

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalari vakillari va 13 nafar elchidan iborat delegatsiya har yili o‘tkaziladigan qo‘shma tanishuv safarida ishtirok etdi.

2025 yil 29–30 aprel – Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan elchixonalari vakillari va 13 nafar elchidan iborat delegatsiya har yili o‘tkaziladigan qo‘shma tanishuv safarida ishtirok etdi. Bu yilgi tashrif Farg‘ona vodiysiga qaratilib, uning asosiy maqsadi suv resurslarini boshqarish borasidagi muammolarni chuqurroq o‘rganish hamda Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan tashabbuslar doirasida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishish.

Delegatsiya Farg‘onaga yetib kelgach, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Farg‘ona vodiysi suv resurslarini boshqarish” loyihasi[1] jamoasi bilan uchrashdi. Loyiha Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida sug‘orish va drenaj xizmatlarini zamonaviylashtirishga qaratilgan. Elchilar mahalliy fermer xo‘jaliklariga tashrif buyurib, ushbu loyihadan bevosita foydalanayotgan fermerlar bilan muloqot qilishdi. Zamonaviylashtirish choralari suv yo‘qotishlarini kamaytirishga, qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishga va yangi meva-sabzavot navlarini joriy etishga olib keldi. Shuningdek, tashrif davomida Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Fermer Dala Maktablarining samarali faoliyati ham namoyish etildi – bu maktablarda fermerlar ilg‘or qishloq xo‘jaligi amaliyotlari va innovatsion texnologiyalarni o‘rganib, tatbiq etmoqdalar.

Shundan so‘ng delegatsiya Shohimardonga yo‘l oldi. U yerda Yevropa Ittifoqiningning “Horizon Europe” dasturi doirasida moliyalashtirilgan “Hydro4U project”[2] loyihasi bilan tanishdi. Ushbu tashabbus ilmiy tadqiqotlarning amaliy yechimlarga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Loyiha doirasida Myunxen Texnika Universiteti rahbarligida 13 ta universitet va ilmiy-tadqiqot muassasasi hamkorligida kichik gidroelektrostansiya qurilib, u hozirda mahalliy aholiga barqaror va toza elektr energiyasini yetkazib bermoqda. Loyiha nafaqat yashovchilarning energiya ta’minotini yaxshiladi, balki Yevropa va O‘zbekistonlik hamkorlar o‘rtasida bilim va texnologiyalar almashinuvi uchun maydon yaratdi.

Shohimardonga uyushtirilgan tashrif delegatsiyaga hududdagi hayot tarzi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi. U Yevropa Ittifoqining chegaralarni integratsiyalashgan boshqaruvi va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi.

--
 

[1] “Farg‘ona vodiysi suv resurslarini boshqarish”: Loyiha amalga oshirish bo‘linmasi (PIU), Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv sohasidagi xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi.
Aloqa ma’lumotlari: FVWRMP-P-II MARKAZI – piu.fwrmp@gmail.com
Yevropa Ittifoqi Granti – piu.eug.fvwrmp@gmail.com

[2] “Hydro4U” loyihasihttps://hydro4u.eu/, Aloqa uchun: loyiha koordinatori — janob Bertalan Alapfi
bertalan.alapfy@tum.de, Myunxen Texnika Universiteti.