Universitetlardan sud zallariga: Yosh huquqshunoslar korrupsiyaga qarshi kurashga qoʻshilmoqda
Toshkent viloyati, 2025 yil 24-26 iyun – Oʻzbekistonning huquqshunoslik yoʻnalishidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan 25 nafardan ortiq huquqshunos talaba va yosh mutaxassislar “Boshqaruvda halollikni mustahkamlash: yuridik taʼlim korrupsiyaga qarshi islohotlar vositasi sifatida” mavzusidagi uch kunlik yozgi maktabda yig’ildilar. Bu tadbir Yevropa Ittifoqi (YeI) moliyaviy koʻmagi bilan, Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMTTD hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu yozgi maktabda yuridik klinikalarda ko‘ngillilik asosida yuridik klinikalarda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan talabalar bir joyga toʻplandi. Yuridik klinikalar, universitetlardagi volontyorlik dasturlari boʻlib, unda talabalar oʻz amaliy tayyorgarliklari doirasida, murabbiylar nazorati ostida aholiga bepul huquqiy yordam koʻrsatadilar. Ishtirokchilar Toshkent davlat yuridik universiteti, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Huquqni muhofaza qilish organlar akademiyasidan tashrif buyurdilar. Yozgi maktab mashgʻulotlarining maqsadi ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi islohotlarda faol ishtirok etishlari uchun amaliy bilim va vositalar berish hamda advokat, prokuror va sudya kabi masʼuliyatli vazifalarida shaffoflikni oshirishdan iborat boʻldi.
Birinchi kun Oʻzbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ekspertlari ishtirokida Oʻzbekistonning korrupsiyaga qarshi siyosati asoslari, yoshlarning boshqaruvdagi oʻrnini va ochiq maʼlumotlar shaffoflik hamda jamoatchilik nazoratini qanday oshirishi mumkinligi muhokama qilindi. Talabalar korrupsiya xavfini aniqlash uchun davlat tenderlarini tahlil qilish, yuridik amaliyotdagi axloqiy muammolarni muhokama qilish boʻyicha guruh mashqlarida ishtirok etdilar. Shuningdek, talabalar “Zakovat” interaktiv viktorinasida qatnashib, sohaga oid asosiy tushunchalarni mustahkamlash imkoniga ega boʻldilar.
“Biz korrupsiyaning haqiqiy holatlarini modellashtirish va bunday vaziyatlarda prokuror, sudya, tergovchi, vositachi (mediator), yurist va davlat xizmatchisi kabi turli subyektlar oʻzini qanday tutishini tushunish imkoniyatiga ega boʻldik,” – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Shahlo Qoʻchqorova. “Bu bizga bir sud ishini turli nuqtai nazardan koʻrib chiqish hamda har bir rol duch keladigan axloqiy muammolarni yaxshiroq tushunishga yordam berdi,” deya qoʻshimcha qildi u.
Ikkinchi kuni inklyuziv qonunchilikni shakllantirish yoʻllari, adolatni himoya qilish va volontyorlik dasturlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashga yoshlar qanday hissa qoʻshishlari mumkinligi boʻyicha suhbatlar boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar Yoshlar parlamenti va O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi aʼzolari bilan fikr almashib, mahalla darajasidagi loyihalar boʻyicha takliflar ishlab chiqdilar va yoshlarning siyosatni amalga oshirishga jalb etilishini oshirish yoʻllarini muhokama qildilar.
Oxirgi kuni talabalar oʻz bilimlariga tayangan holda, fuqarolarning qonuniy huquqlarini tushuntirish va maslahat berish, kontent yaratish va fuqarolik himoyasi orqali jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan huquqni himoya qilish kampaniyalarini ishlab chiqdilar. Talabalar, shuningdek, olingan bilimlarni kelajakdagi faoliyatlarida qoʻllash, masalan, huquqiy maslahatlarga shaffoflikka tayanish, mijozlarga hisobot berish mexanizmlari boʻyicha maslahat berish boʻyicha oʻz gʻoyalarini aytib oʻtdilar. Bundan tashqari, ular oʻz taʼlimlari haqida oʻrtoqlashib, individual harakat rejalarini taqdim etdilar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida oʻqishni davom ettirish imkoniyatlarini oʻrgandilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash" qo‘shma loyihasi doirasida oʻtkazildi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun BMTTD loyiha rahbari Dilfuza Abulhasan (dilfuza.abulkhasan@undp.org), va BMTTD loyihasining jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha mutaxassisi Fotima Turgʻunboyevaga (fotima.turgunboeva@undp.org) koʻrsatilgan elektron pochtalar orqali murojaat qilishingiz mumkin.