Oʻzbekistonda karlar jamiyati uchun korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha inklyuziv onlayn platforma ishga tushirildi
Toshkent, Oʻzbekiston, 2025-yil 5-avgust – Oʻzbekistonda eshitish qobiliyati zaif boʻlgan shaxslar orasida korrupsiyaga qarshi savodxonlikni oshirish maqsadida ishlab chiqilgan ilk onlayn platforma – www.s-access.uz ish boshladi. Mazkur platforma imo-ishora tilida asosiy huquqiy maʼlumotlardan toʻsiqsiz foydalanish imkonini beradi, kundalik hayotda korrupsiyani aniqlashga koʻmaklashadi va ishonchli axborotni tekshirish koʻnikmalarini rivojlantiradi.
Ushbu tashabbus BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqi (YI) tomonidan moliyalashtiriluvchi “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasining kichik grantlar dasturi doirasida Oʻzbekiston karlar jamiyatining Buxoro hududiy boʻlimi tomonidan amalga oshirildi.
Mazkur sayt eshitish qobiliyati zaif boʻlgan odamlarga korrupsiya bilan bogʻliq huquqiy masalalarda yaxshiroq yoʻnalish olish va olingan bilimlarni kundalik hayotiy vaziyatlarda qoʻllashga yordam berish maqsadida yaratildi. Platformada quyidagilar joylashtirilgan:
- Imo-ishora tiliga tarjima qilingan 48 ta asosiy korrupsiyaga qarshi atama
- Fuqarolar huquqlari va ularni himoya qilishning huquqiy mexanizmlari boʻyicha videodarslar
- Axborot ishonchliligini tekshirish va soxta maʼlumotlarga qarshi kurashish boʻyicha materiallar
- Haqiqiy hayotiy vaziyatlarga asoslangan interaktiv videlavhalar
Oʻzbekiston karlar jamiyati Buxoro hududiy boʻlimi direktori Roziya Rasulova shunday dedi: “Biz eshitish qobiliyati zaif va nutqida nuqsoni boʻlgan odamlar bilan ishlaymiz. Juda koʻp odamlar turli sohalarda aldanib qolganliklari, kimlardir ulardan biror ishni bitirib berish vaʼdasi bilan pul olib, qaytarib berishmaganidan shikoyat qilib, koʻzida yosh bilan oldimizga kelishardi. Ular oʻz huquqlarini bilishmas edi. Shu sababdan, qolaversa, shunday odamlarga korrupsiya holatlariga misollarni koʻrish va oʻzlarini qanday himoya qilishlarini oʻrganishi uchun biz ushbu saytni yaratishga qaror qildik. Bu platforma ishga tushirilgandan beri bizga bunday muammolar bilan murojaat qilish kamaydi”.
Viloyat karlar jamiyati vakili Firuza Badruddinova esa, shunday deydi:
“Ilgari “korrupsiya” soʻzini koʻp uchratardim, lekin uning maʼnosini unchalik tushunmasdim. Keyin esa katta qizimni bogʻchaga berayotganimda, uni qabul qilishlari uchun pul berganimda oʻzim bunga duch keldim. Saytni koʻrib chiqib, aslida hech narsa toʻlash shart emasligini bilib oldim. Endi men kundalik hayotda korrupsiya qanday koʻrinishda boʻlishini tushunib yetdim va barchaga: “Oʻz huquqlaringizni bilib oling va ularni himoya qiling”, deb bemalol ayta olaman”.
Shuningdek, tashabbus doirasida Buxoro viloyatidagi karlar jamiyatiga aʼzo boʻlgan 100 ga yaqin ishtirokchilar bilan 4 ta muhokama sessiyasi tashkil etildi. Ishtirokchilar kundalik hayotda korrupsiya holatlarini qanday aniqlash va oʻz huquqlarini qaysi huquqiy vositalar bilan himoya qilish mumkinligini muhokama qildilar. Ushbu uchrashuvlar huquqiy xabardorlik darajasini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashning inklyuziv yondashuvlari haqidagi tushunchani kengaytirishga yordam berdi. Bundan tashqari, OAVdagi chiqishlar, ijtimoiy tarmoqlardagi faollik va axborot materiallarini tarqatish orqali loyiha 5 mingdan ortiq kishini qamrab oldi.
Ushbu platforma Buxoro viloyatida ham, undan tashqarida ham eshitish qobiliyati zaif boʻlgan shaxslar orasida korrupsiyaga qarshi yanada inklyuziv maʼrifatni yaratish va huquqiy bilimlarni targʻib qilishda muhim qadam boʻldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Yevropa Ittifoqi va BMTTDning “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” loyihasi doirasida 2024-yilda Buxoro, Fargʻona va Toshkentda faoliyat yurituvchi 8 ta fuqarolik jamiyati tashkilotiga kichik grantlar ajratildi. Ulardan 7 tasiga ayollar rahbarlik qiladi. Ushbu tashabbuslarning har biri sogʻliqni saqlash va ijtimoiy inklyuzivlikdan tortib, atrof-muhitni muhofaza qilish va raqamli imkoniyatlarga ega boʻlishgacha boʻlgan muayyan sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan.
CONTACT DETAILS
For more information, please contact:
Dilfuza Abulkhasan, Project Manager at the UNDP: dilfuza.abulkhasan@undp.org;
Fotima Turgunboeva, Communications Specialist at the UNDP: fotima.turgunboeva@undp.org