Ertangi xavfsiz kunlar yo‘lida hamkorlik: Markaziy Osiyoda uran merosi obyektlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi

2025-yil 17–18-aprel kunlari Toshkent shahrida “Markaziy Osiyoda uran merosi obyektlarini bartaraf etishda manfaatdor tomonlarni jalb qilish” (III bosqich) mintaqaviy loyihasining ochilish yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirning asosiy maqsadi — loyiha bo‘yicha III bosqich rejalari bilan tanishtirish hamda uni Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning davlat muassasalari, milliy va xalqaro hamkorlari ishtirokida muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, uchrashuv loyiha samarali amalga oshirilishini ta'minlash uchun muvofiqlashtirish va hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish maydonchasi bo‘lib xizmat qildi.

Loyihaning maqsadi — Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlarida inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf soluvchi uran chiqindilarini kamaytirish, shu bilan birga, mahalliy aholining yashash sharoitlarini yaxshilashdir. Ushbu jarayon inklyuziv, genderga sezgir va jamoalarga yo‘naltirilgan yondashuvlar asosida amalga oshiriladi. III bosqichda loyiha aholining xabardorligini oshirish, mahalliy hokimiyatlar bilan aloqalarni mustahkamlash va uran merosi obyektlarini samarali bartaraf etishda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Radiatsiyaviy, kimyoviy va biotibbiy himoya boshqarmasi vakili Qilichov Zulfiqor Pardakulovich mazkur tashabbusning muhimligini ta’kidlab, shunday dedi:
“Bugungi kunda eng dolzarb yo‘nalishlardan biri — tabiiy ofatlar va texnogen halokatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishdir. Bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo uchun dolzarb masala. Shuningdek, ularning oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish va inson salomatligi hamda atrof-muhitga xavfni minimallashtirish ham muhimdir. Ushbu loyiha mintaqaviy va global xavfsizlikka hissa qo‘shadi.”

Loyihaning I va II bosqichlari davomida quyidagi asosiy yutuqlarga erishildi: yettita elektr transformator stansiyasi o‘rnatildi; 120 ta radiatsiyaviy xavfsizlik belgisi joylashtirildi; yetti mahalliy biznes qo‘llab-quvvatlandi; 500 dan ortiq jamoa a’zolari tadbirkorlik bo‘yicha o‘qitildi; Favqulodda vaziyatlar vazirligi dozimetrik asbob-uskunalar bilan ta’minlandi; maxsus ta’lim materiallari tarqatildi; O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, energetika va turizm yo‘nalishlarida tanlab olingan 8ta jamoaviy loyihadan 4tasi amalga oshirildi.

Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Qarman quyidagilarni ta’kidladi:
“Uran merosining xavfli oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan jamoalarni tiklashda faol hamkor bo‘laylik, hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaylik.”

Shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi loyiha menejeri Yana Kurpisa shunday dedi:
“Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu loyiha mintaqaning eng chekka hududlaridagi mahalliy jamoalarni kuchaytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mintaqaviy muloqot va hamkorlikni kuchaytirishga ham bevosita hissa qo‘shmoqda.”

Tadbirda davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, NNTlar va boshqa asosiy hamkorlar qatoridan 30 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Uchrashuv guruh muhokamalari shaklida tashkil etildi, unda ishtirokchilar uran merosi obyektlarini barqaror boshqarish va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqdilar.