Erasmus Mundus Qo‘shma Magistratura dasturi G‘oliblari uchun tayyorlov uchrashuvi - O‘zbekiston 2025

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamda O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi hamkorligida Erasmus Mundus Qo‘shma Magistratura stipendiyasini qo‘lga kiritgan 13 nafar o‘zbekistonlik talabalar uchun Yevropaga ketishdan avvalgi tayyorgarlik uchrashuvi tashkil etildi.

2025 yil 3 iyul kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi hamda O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi hamkorligida 2025/2026 akademik yillar uchun Erasmus Mundus Qo‘shma Magistratura (EMJM) stipendiyasini qo‘lga kiritgan 13 nafar o‘zbekistonlik talabalar uchun Yevropaga ketishdan avvalgi tayyorgarlik uchrashuvi (Pre-Departure Orientation) tashkil etildi. Tadbir Toshkentda gibrid formatda o‘tkazildi va unda stipendiya sohiblari, Erasmus+ dasturi bitiruvchilari, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlari elchixonalari vakillari, trenerlar hamda xalqaro ta’lim sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi talabalarga Yevropadagi ta’lim muassasalariga moslashish, madaniy integratsiya, kundalik hayotga tayyorgarlik ko‘rish va Erasmus+ hamjamiyatiga tegishli ekanlik hissini shakllantirishda amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi. Dastur doirasida talabalar o‘z tajribalarini baham ko‘rgan EMJM bitiruvchilari bilan uchrashdi, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlari elchixonalari tomonidan o‘quv va madaniy hayot bo‘yicha foydali ma’lumotlar taqdim etildi.

Mindaugas Kacerauskis, Chargé d'Affaires a.i

Tadbirni ochib bergan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili janob Mindaugas Kacherauskis Erasmus+ dasturi orqali O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi ta’lim hamkorligining mustahkamlanayotganini ta’kidladi. 

Erasmus+ nafaqat Yevropada ta’lim olish haqida — bu dastur Yevropa va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, shuningdek, u bizning qadriyatlarimizni, madaniyatimizni, Yevropa identitetini anglashni va, albatta, Yevropa turmush tarzini targ‘ib qiladi, - Mindaugas Kacherauskis, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili. 

Shuningdek, UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari va Erasmus Mundus bitiruvchisi Sara Noshadi hamda taniqli olim va sobiq elchi professor Alisher Fayzullayev talabalarga motivatsion murojaat bilan chiqishdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston, Fransiya, Germaniya va Italiya elchixonalari vakillari mamlakatlarida yashash va o‘qish bo‘yicha amaliy maslahatlar berdi. Trenerlar Jamshid Ahmadaliyev va Uchqun Normamatov tomonidan madaniyatlararo muloqot va akademik muvaffaqiyatga erishish strategiyalariga oid interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Erasmus Mundus Qo‘shma Magistratura dasturi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi va yuksak akademik salohiyatga ega talabalarni ikki yoki undan ortiq davlatdagi universitetlarda magistrlik darajasini olish imkoniyati bilan ta’minlaydi. Dastur akademik hamkorlik, ta’lim sifati va madaniy almashinuvni kuchaytirishga qaratilgan.

2025 yilda Erasmus Mundus stipendiyasini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik talabalar kiberxavfsizlik, huquq, muhandislik, ekologik iqtisodiyot, vaksinatsiya va raqamli texnologiyalar sohalarida tahsil olishadi. Ular Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, Estoniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Avstriya va Polshada joylashgan nufuzli ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur tayyorgarlik uchrashuvi Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlashga va yosh yetakchilarni xalqaro ta’lim orqali rivojlantirishga bo‘lgan sadoqatining yana bir dalilidir.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun murojaat:
Erasmus+ Milliy Ofisi, O‘zbekiston
Email: neo@erasmusplus.uz | Veb-sayt: www.erasmusplus.uz