“Raqamli detektivlar” loyihasi O‘zbekistonda Faktchecking bo‘yicha trenerlar uchun birinchi treningni boshladi

Bugun Toshkentda “Raqamli detektivlar” loyihasi doirasida faktcheking bo‘yicha Trenerlar uchun birinchi trening boshlandi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus O‘zbekiston bo‘ylab mediasavodxonlik va faktlarni tekshirish ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.

2025-yil 20-oktabr. Ikki kunlik trening o‘z hududlarida jurnalistlar va faktchekerlar uchun shunga o‘xshash seminarlarni o‘tkazadigan, keyinchalik o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadigan ishtirokchilarni birlashtirdi. 

Treningning birinchi kuni davomida ishtirokchilar ushbu dastur taqdim etayotgan tarmoq imkoniyatlaridan qanday samarali foydalanish mumkinligini o‘rganishdi hamda uni kasbiy rivojlanish uchun nazariy va amaliy platforma sifatida ko‘rib chiqdilar. Ular faktlarga asoslangan maqolalar yozish va samarali trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. 

Dastur davomida ishtirokchilar “va’dalarni kuzatish”, “soxta yangiliklarni aniqlash” va internetdagi kontentni tekshirish uchun “Wayback Machine” kabi muhim vositalar va tushunchalar bilan tanishdilar. Ular faktchekerlar duch keladigan muammolar — xususan, jurnalistlar dalillarni topishdagi qiyinchiliklar yoki tashqi bosim sababli materiallarni qaytarib olish holatlari haqida fikr almashdilar. Shuningdek, trening jarayonida hikoya qilish (storytelling)ning ahamiyati — shaxsiy tajribalar boshqalarni ilhomlantirishi mumkinligi haqida mulohaza yuritdilar. Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekiston faktchekerlari uchun eng dolzarb va muhim mavzularni belgilab oldilar. 

“Digital Detectives” loyihasi jurnalistlar, trenerlar va media mutaxassislarini soxta ma’lumotlarni aniqlash va ularga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar bilan quvvatlashni maqsad qiladi. Bu esa O‘zbekistonda yanada xabardor va bardoshli media muhitni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. 

Ma’lumot uchun: 

“Digital Detectives” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan amalga oshiriladi. Tashabbus faktcheking sohasidagi malakani rivojlantirish hamda jurnalistlar va media ta’lim mutaxassislari o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashinuvini rag‘batlantirishni maqsad qilgan.